10-noyabr kuni Toshkentda «Latviya transport va logistika kompaniyalarining O’zbekiston eksport yuklariga xizmat ko’rsatish imkoniyatlari» mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi.
Tadbir O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki qoshidagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik eksportini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi tomonidan O’zbekiston Biznes logistikasini rivojlantirish assotsiatsiyasi va Latviya stevedoring (logistika) kompaniyalari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida mahalliy transport va logistika kompaniyalari vakillari bilan bir qatorda, Latviya kompaniyalari va assotsiatsiyalarining bir nechta rahbarlari ishtirok etdi.
Davra suhbatida transport va ombor logistikasini boshqarishning samarali shakllari va usullari, zarur ombor va port hujjatlarini to’g’ri tayyorlash, yuk tashish va saqlashni tashkil etish, yuklash va tushirish operatsiyalarini o’z ichiga olgan keng ko’lamli masalalar muhokama qilindi.
Davra suhbatida so’zga chiqqan Latviya Stevedoring kompaniyalari assotsiatsiyasi prezidenti Uldis Papane ishtirokchilarni Riga erkin portida ishlash shartlari va imkoniyatlari, shuningdek, Latviya stevedoring kompaniyalari tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlar haqida ma’lumot berdi. Uning fikricha, Riga erkin portida qo’shma korxonalar (markazlar) tashkil etilishi o’zbekistonlik eksportchilarga Yevropa Ittifoqi va Skandinaviya mamlakatlari bilan yangi darajadagi hamkorlikka erishish imkonini beradi.
Shuningdek, transport va logistika sohasidagi yetakchi o’zbekistonlik kompaniyalar tomonidan taqdimotlar o’tkazildi, ularning vakillari istiqbolli loyihalar va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik haqida batafsil ma’lumot berishdi.
«Turksib Magistral» MChJ bosh direktori kompaniyamiz faoliyati haqida taqdimot qildi va Latviya dengiz portlari orqali tranzit yuk tashishni tashkil qilishda Latviya yuk tashish va stevedoring kompaniyalari bilan hamkorlik qilish niyatini bildirdi.







